Avstriyalik buyuk bastakor Volfgang Amadey Motsart chaqmoqdek yorqin va qisqa umrida mislsiz ijod namunalarini yaratdi, millionlab muxlislari qalbida uning xotirasi abadiy qoldi. Betakror bastakorning sirli o`limi haligacha yechilmagan jumboqlardan biridir. Motsart hali hayotligidayoq mangulikka daxldor inson sifatida nom chiqargan edi. U 1756-yil Zaltsburg shahrida, shuhrat qozongan skripkachi va oliy maqom muallim oilasida tavallud topadi. Bolakay besh yoshligidayoq Yevropani hayratga soldi. U 14 yoshida Bolonya Filarmoniya akademiyasining akademigi bo`ldi. Bu yoshda bunday maqomga juda kam kishigina erishgandi. U haqda nomdor mashshoqlar shunday derdilar: “Bu bolakay hammamizning shuhrat yulduzlarimizni xiralashtiradi”. Kompozitor Vena, Parij, London kabi o`z davrining madaniyat markazlarida konsertlar berdi, Italiya, Gollandiya, Belgiyaga sayohat qildi. Uning tinimsiz mehnati tufayli dunyo musiqa olami 700 ga yaqin betakror san’at namunalari bilan boyidi. “Figaroning uylanishi”, “Don Juan”, “Sehrli nay” kabi operalari hali-hanuz o`z mashhurligini yo`qotmagan. Uning vafotidan hech qancha o`tmay buyuk mashhoqning o`limi blan bog`liq sirli mish-mishlar paydo bo`ldi. Biroz o`tib Motsartning zaharlanganligini ayta boshlashdi. Bu masalani birinchi bo`lib “Berlinning musiqaviy haftaligi” gazetasi ko`tarib chiqdi. Oradan ikki yil o`tib ingliz tadqiqotchisi Frensis Karr Motsartni och-kulrang margimush, qo`rg`oshin va kumushrang surma qorishmasidan iborat zahar bilan zaharlashgani haqidagi taxminni o`rtaga tashladi. “Motsartni kim o`ldirgan?” degan savol hammani qiziqtirar va bunga javoban uchta taxminni olg`a surishardi: 1. Qotil - kompozitor Antonio Salyeri. Sabab – hasad. 2. Qotil – Zyusmayr (Motsartning qadrdon do`sti). Sabab – rashk. 3. Qotil – Frans Xofdemel. Sabab – rashk. Endi qaysi bir taxmin haqiqatga yaqinroq ekanligini aniqlashga harakat qilamiz. Ko`pchilikning fikricha, qotil Salyeri. Negaki, Salyeri 1823-yil bunga iqror bo`lgan: “Motsartni men o`ldirganman!” deya e’lon qiladi va biroz o`tib o`zini ustara bilan bo`g`izlamoqchi bo`ladi. Biroq boshqa hujjatlarda ta`kidlanishicha, Salyeri ruhiy xasta bo`lgan. Bu uning oradan o`ttiz yil keyingi “da’vo”lari bekor ekanligini ko`rsatadi. Bastakorning xotini Konstansaning jazmani, Motsartning qadrdon do`sti Zyusmayrni qotillikka rashk, shuningdek, ustoz-shogird, er-jazman ziddiyati undagan bo`lishi mumkin. Motsartning suyuklisi hisoblangan Magdalenaning eri Frans Xofdemel “uchinchi nomzod”dir. U Motsartning dafn marosimidan qaytgan xotinini o`ldirish qasdida unga ustara bilan tashlanadi va Magdalenaning yuzi, bo`yni, qo`llarini tilib tashlaydi. Shovqinni eshitib yordamga kelgan qo`shnilargina Magdalenani muqarrar o`limdan asrab qoladilar. 1991-yil ingliz dorishunosi Jeyms boshqa bir taxminni o`rtaga tashladi. Uning fikricha, buyuk mashshoqning bevaqt o`limiga dorilar sabab bo`lgan. Motsartni bezgak va melanxoliya (dilgirlik) qiynar, har ikki dardni surma va simob qorishmasi bilan davolashar edi. Ayni paytda mazkur “dori”lar “keraksiz” odamlardan qutulishda ham keng qo`llanilardi. Ya`ni, Motsartning o`limiga zahar emas, zahar (surma) keltirib chiqargan zotiljam kasali sabab bo`lgan. Tengsiz kompozitor o`limi bilan bog`liq tadqiqotlar, qarashlar hali tingani yo`q. Bevaqt (36 yoshda) vafot etgan Motsart ijodi sirliligi bilan bir qatorda sirli o`limi ham ko`plarni hayratga soladi. Manba: “Teatr” jurnali OLINDI:MASHHUR.UZ
|